Bolalarga she’rlar – qiziqarli
QUYOSH TAFTI
Sokin sahar pallada,
Tong uyg’onar dalada.
Ufq yuzi ollanar,
Tong chehrasi sollanar.
Quyosh ochib kaftini, Bizga sochar taftini.
YOMG’IRDAN SO’NG
Zaminga nur sochildi,
Chamanga dur sochildi.
Erka shamol shiviri,
Qaldirg’ochlar vijiri
Bog’larga navo berdi,
Dillarga davo berdi.
Ko’ngil sarxush yayraydi, Yurakda qush sayraydi.
YOZ
Oydin tunlar pallasi,
Baqalarning yallasi.
Handalakning bo’ylari,
Dehqonbuva to’lari,
Yozdan darak bermoqda,
Qarang, laylak kelmoqda!
QUYOSH KULGUSI
So’lim bog’larga
Zavqli yoz keldi.
Bizni chorlagan
Sho’x ovoz keldi.
Tonglar g’uborin
Shudringlar yudi,
Ko’zlarim bog’da
Kapalak quvdi.
Tilimda qoldi
Qovunlar toti,
Erkalab o’tdi
Shamol qanoti.
Tutdim quyoshning
Bog’ichlarini,
Tuydim bolalik
Sog’inchlarini…
NAMOZSHOMGUL
Ochilaman saharda,
Yuzimda harir parda.
Gulimning yo’q qiyosi,
Qizil, pushti, siyohi.
Har tong yozib qulochni
Qarshilayman quyoshni!
Nurulloh Oston
OY CHO’MILAR CHAYLADA
Oydin kecha pallada,
Oy cho’milar chaylada.
O’tar sirli sharpalar,
Tortiladi ko’rpalar.
Mo’ralaymiz unsiz, jim,
Shitir-shitir, kelar kim?
Bu qanday mehmon ekan,
Boqsak, Kirpijon ekan.
YOZ KELDI
Yoz keldi-yu, yoz keldi,
Doyra bilan soz keldi.
Uchib ketgan laylaklar
Qanoti qog’oz, keldi.
Tunni qilib tongotar,
Sho’x bolalar dong qotar.
Bir tutam yoz tunida,
Dehqon tongni uyg’otar.
TUT PISHIG’IDA
Potmachumchuq chirqirab,
Tutni pishirib oldi.
Sheriklari jam bo’lib,
Boplab tushirib oldi.
Marvartutim shirador,
Asal edi, qand edi-
Potmachumchuq tumshug’i
Chip yopishib pand edi.
TONG SATRI
Tong havosi tozadir,
Ko’ngillarni yozadir.
Qizg’aldoqlar raqsida,
Chuchmomalar bahsida
Sochib bahor atrini
Tong yozadi satrini!
YOZ TUNIDA
O’yinqaroq, xush bo’lib,
Tunlar o’tar tush bo’lib.
Bosilar kun hovuri,
Tinar qushlar shovuri.
Bo’y taratar chechaklar,
Tun aytadi ertaklar.
TONG YULDUZI
Charaqlagan yulduzman,
Ko’k yuzida yolg’izman.
Shuning uchun yonaman,
Ekaman osmona man!
OY TO’LA JOM
Buncha maftunkor,
Kuzning yonog’i.
Oy to’la jomdir
Paxta chanog’i.
Shafaqrang bog’lar,
Quyosh kalomi.
Shudringlar olis bahor salomi.
Bunday pallada tilingda baytdir,
Dilingda ne so’z- shivirlab aytgil…
Nurulloh Oston
©Sayt ma’lumotlaridan va tarjimalardan foydalanilganda sayt nomini – quvnoqbola.com aytib o’tish shart!